ITUda «Sizga ta’zim, sizga ehtirom, aziz ustozlar» nomli bayram tadbiri o‘tkazildi

1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Innovatsion texnologiyalar universiteti rahbariyati tashabbusi asosida Nukus shahridagi so‘lim maskanlardan birida universitet professor-o‘qituvchilari va xodimlari uchun «Sizga ta’zim, sizga ehtirom, aziz ustozlar» nomli bayram tadbiri tashkil etildi.
Bayram tadbirini universitet rektori, dotsent A’zamov Anvar Muzaffarovich tabrik nutqi bilan ochib berdi. Rektor o‘z so‘zida ustoz va murabbiylarning jamiyatdagi o‘rni, yosh avlod ta’lim-tarbiyasidagi mas’uliyati haqida to‘xtalib, universitetning xalqaro maydonda tobora kengroq tan olinayotgani professor-o‘qituvchilarning samarali va fidokorona mehnati natijasi ekanini ta’kidladi.
Nutq davomida ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik yondashuvlar, ilg‘or axborot texnologiyalari va innovatsion usullarning keng qo‘llanayotgani, talabalarning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirish yo‘lida olib borilayotgan izchil ishlar alohida e’tirof etildi.
Bayram tadbiri davomida universitet professor-o‘qituvchilari va xodimlariga bayram sovg‘alari topshirildi. Bu ustozlarning mehnatiga bo‘lgan hurmat va ehtiromning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Shundan so‘ng bayram dasturi qoraqalpoq estradasi vakillarining bir-biridan ajoyib kuy-qo‘shiqlari, ko‘ngilochar o‘yinlar va samimiy suhbatlar bilan davom etdi.
Innovatsion texnologiyalar universiteti Matbuot xizmati.
© Innovatsion texnologiyalar universiteti Matbuot xizmati